O'zbekiston Respublikasiga qaytish uchun yo'riqnoma va sertifikat rasmiylashtirish tartibi
O'zbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi (bundan keyin - Sertifikat) O'zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari (bundan keyin - Konsullik muassasalari) tomonidan chet elda vaqtincha yashayotgan va O'zbekistonda doimiy ro'yxatda turgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga quyidagi holatlarda beriladi: shaxsini tasdiqlovchi hujjatini yo'qotgan, hujjati yaroqsiz holga kelgan, xorijiy davlat vakolatli idoralari tomonidan olib qo'yilgan, o'g’irlatilgan, muddati o'tgan, varaqlari tugagan, avval pasport bilan rasmiylashtirilmagan fuqarolar.
Sertifikatni olish uchun arizachi Konsullik muassasasining veb-saytida shaxsni tasdiqlash haqidagi so'rovnoma – arizasini to'ldiradi va unga elektron fotosuratni biriktiradi.
Sertifikatni olish uchun arizachi Konsullik muassasasiga quyidagi hujjatlarni taqdim qiladi:
- qog'ozda chop etilgan, arizachinig imzosi qo'yilgan, bar-kodi ko'rsatilgan electron so'rovnoma – arizasi, 3 nusxada;
- 2 dona rangli fotosurat (3х4 cm);
- Eslatma: (elektron ariza-anketaga biriktiriluvchi fotosuratga qo'yiladigan talablar)
- fotosurat o'ichamlari 300x400 piksel (px) bo'lishi;
- fotosurat sifati 96 dpi dan kam bo'lmasligi;
- fayl formati JPEG;
- fayl hajmi 30KB dan oshmasligi;
- ko'z qorachiqlari orasidagi masofa 90 px bo'lishi;
- suratning tiniq va kontrastli bo'lishi;
- suratga tushuvchi shaxsning nigohi obyektivga tog'ri yo'naltirilgan bo'lishi;
- yuz pardozining (makiyaj) me'yoriyligi;
- suratdagi yorug'lik va kontrastning me'yoriyligi;
- ko'zlar ochiq va yaxshi ko'rinishi, sochlar ularni to'sib qo'ymagan bo'lishi;
- fotosuratda yuzning markazda joylashuvi, ko'zoynaksiz, bosh kiyimisiz, yuz qirralarining aniq ko'rinishi;
- orqa fonning yorug', bir xil, dog'larsiz, bezaksiz va chiziqlarsiz bo'lishi
- muddati o'tgan, yaroqsiz holga kelgan, viza varaqlari tugagan shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjatning olib qo'yilganligi yoki o'g'irlatilganligini tasdiqlovchi xorijiy davlat vakolatli idoralari ma’lumotnomasining asli va nusxasi;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat yo'qolganda - yo'qolgan shaxsni tasdiqlovchi hujjat yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa ma’lumotnoma nusxasi va shaxsni tasdiqlovchi hujjat yo'qolganligi haqida vakolatli idoralarning ma’lumotnomasi (imkoniyat darajasida);
- avval pasport bilan rasmiylashtirilmagan fuqarolar uchun – ularning tug'ilganlik haqida guvohnomasi va ota-onasining pasportlaridan nusxa;
- konsullik to'lovlari chiptasi (kvitansiyasi).
Arizachiga Sertifikat O'zbekiston Respublikasi vakolatli idoralari tomonidan uning shaxsi tasdiqlangandan so'ng beriladi.
Sertifikat bir oy, istisno holatlarda uch oygacha muddatga beriladi. Sertifikatning muddati uzaytirilmaydi.
Sertifikat har bir kishiga alohida rasmiylashtiriladi. Sertifikatga bolalar yozilmaydi.
Shaxsni tasdiqlovchi hujjat yaroqsiz holga kelgan, muddati o'tgan va viza varaqlari tugagan holda mazkur hujjat Konsullik muassasasiga topshirilishi lozim.
Shaxsni tasdiqlovchi hujjat yuqotilgan, xorijiy davlat vakolatli idoralari tomonidan olib qo'yilgan va o'g'irlatilganligi sababli Sertifikatni olish maqsadida Konsullik muassasasiga murojaat qilib, so'rovnoma – arizasi topshirilgandan so'ng arizachining mazkur shaxsni tasdiqlovchi hujjati haqiqiy emas, deb e’lon qilinadi va topilgan yoki qaytarilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjati Konsullik muassasasiga topshirilishi shart.
Arizachi O'zbekistonga kelgandan so'ng 10 kundan kech bo'lmagan muddat ichida Sertifikatni doimiy yashash joyidagi ichki ishlar idoralariga pasport olish uchun topshirilishi lozim.
Sertifikat olish uchun 50 AQSH dollari miqdoridagi konsullik to'lovlari va 5 (MDH davlatlarida)-10 (boshqa davlatlarda) AQSH dollari miqdoridagi ma’muriy xarajatlar undiriladi. Bunda 16 yoshga to'lmagan bolalar konsullik to'lovlaridan ozod etiladi.
Sertifikat quyidagi shaxslarga berilmaydi:
- xorijiy fuqarolarga;
- O'zbekiston hududida doimiy ro'yxati yo'q fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga;
- uzrli sababsiz O'zbekiston hududida 3 yildan ortiq bo'lmaganligi sababli O'zbekiston hududidagi doimiy ro'yxati bekor qilingan fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga;
- O'zbekiston fuqaroligidan chiqqan yoki fuqaroligi yo'qotilgan shaxslarga.
Quyidagi holatlarda ham arizachiga Sertifikat berish rad etilishi mumkin:
- o'zi haqida yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjatining yo'qolganligi to'g'risida yolg'on ma’lumotlar bersa;
- taqdim qilinishi lozim bo'lgan hujjatlar va ma’lumotlar belgilangan talablarga mos kelmasa (hujjatlar yetarli emas, so'rovnoma – arizasidagi ma’lumotlar aniq va to'liq emas);
- taqdim qilingan hujjatlardagi ma’lumotlar haqiqiy bo'lmasa.
Sertifikat berilgan shaxs O'zbekistonga kelganidan so'ng yangi pasportni rasmiylashtirish uchun doimiy yashash joyidagi ichki ishlar idoralariga ushbu sertifikatni topshirishi shart.