Vaqtinchalik konsullik hisobiga olish tartibi
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.01.2011y.dagi PF-4262 raqamli «O'zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishning qo'shimcha chora-tadbirlari haqida» nomli Farmoni №1-ilovasining 51 va 53 punktlariga asosan:
- doimiy yashash uchun belgilangan tartibda xorijga ketgan, hamda xorijda vaqtincha yashayotgan fuqarolar O'zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalarida doimiy yoki vaqtincha konsullik ro'yxatida hisobga olinadilar;
- xorijga xizmat safari bilan yoki o'qish, davolanish, hamda kontrakt asosida (O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12.11.2003y.dagi №505 tartib raqamli «O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijdagi mehnat faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari haqida» nomli Qarori qoidalariga mos holda) ishlash uchun vaqtincha muddatga belgilangan tartibda rasman jo'nab ketgan fuqarolar vaqtinchalik konsullik ro'yxatida qayd qilinadilar;
- Agar xorijga jo'nab ketgan fuqaro xorijiy mamlakatda qonuniy ravishda 6 (olti) oydan ortiq bo'lgan muddat davomida bo'lsa, u vaqtincha konsullik ro'yxatiga olinadi.
Vaqtincha xorijda bo'lgan, hamda doimiy yoki vaqtincha konsullik ro'yxatida qayd qilinmagan fuqarolar pasportlari yo'qolganda yoki yaroqsiz holga kelganda, hamda pasportlarining amal qilish muddati tugagan holda, O'zbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi (sertifikarti) olish uchun respublikaning xorijdagi konsullik muassasalariga murojaat qiladilar.
Vaqtinchalik konsullik hisobiga turish uchun vakolatxona konsullik bo'limiga quyidagi hujjatlarni taqdim etish kerak:
- O'zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti asl nusxasi + pasport nusxasi (O'zbekiston Respublikasida ro'yxatga olinganlik to'g'risidagi axborot bilan)
- Kelgan mamlakat hududida ro'yxatdan o'tganlik haqida ma'lumotnoma;
- 3x4 sm o'lchamli fotosurat – 1 dona;
- elektron tarzda to'ldirilgan konsullik hisobiga olish varag'i.;
Izoh: (Konsullik hisobiga olish 1 ish kuni ichida rasmiylashtiriladi.)