Turizm

O‘zbekiston — xavfsiz va ochiq turistik yo‘nalish

Doniyor Sherzodovich
30-mart, 2026
2 min
O‘zbekiston — xavfsiz va ochiq turistik yo‘nalish

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sohasida jadal o‘sishni namoyish etdi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sohasida ishonchli va jadal o‘sishni namoyon etmoqda. Mamlakatga qariyb 12 million nafar xorijiy turist tashrif buyurdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga ko‘pdir.

Turistik xizmatlar eksporti 4,8 milliard AQSh dollaridan oshdi, bu esa O‘zbekistonga bo‘lgan xalqaro qiziqish ortib borayotganini hamda uning mintaqadagi eng istiqbolli turistik yo‘nalishlardan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamlayotganini tasdiqlaydi.

Ushbu natijalar turizm sohasida infratuzilmani yaxshilash, transport qulayligini oshirish, xizmatlarni raqamlashtirish va sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan izchil islohotlar samarasidir. Mamlakatda turistik klasterlarni rivojlantirish, servis sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda.

Respublikada xorijiy fuqarolar uchun soddalashtirilgan kirish tartibi joriy etilgan. Xususan, hozirda 94 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz kirish, 52 ta davlat uchun elektron kirish vizasi hamda 45 ta davlat fuqarolari uchun besh kunlik tranzit vizasiz tartib amal qiladi.

Dunyoning ayrim hududlarida kuzatilayotgan geosiyosiy beqarorlik, ommaviy namoyishlar va tartibsizliklar fonida turistlar uchun xavfsizlik va qulaylik omili tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar barcha mehmonlar uchun ochiq bo‘lgan barqaror, xavfsiz va mehmondo‘st davlat sifatidagi maqomini saqlab kelmoqda. Hurmat, bag‘rikenglik va samimiy mehmondo‘stlik an’analari o‘zbek xalqining madaniyatining ajralmas qismidir.

Xalqaro reytinglar O‘zbekistonda xavfsizlik darajasi yuqori ekanini tasdiqlaydi. Jumladan, “International SOS Risk Map” ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston past xavf darajasiga (Low Risk) ega yo‘nalishlar toifasiga kiritilgan bo‘lib, umumiy xavfsizlik darajasi bo‘yicha qator Yevropa davlatlari bilan teng baholanadi. “Numbeo Safety Index” reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 148 ta davlat orasida 25-o‘rinni egallaydi. Shuningdek, “Solo Female Travel Safety Index” hamda “Safety Perceptions Index” reytinglarida O‘zbekiston 1-o‘rinni egallagan. Bundan tashqari, “Gallup Global Law and Order Index” bo‘yicha ham mamlakat jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotga bo‘lgan ishonch darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan joy olgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston sayyohlarga nafaqat Buyuk ipak yo‘lining boy madaniy-tarixiy merosini, balki zamonaviy infratuzilma, qulay sharoitlar va ochiqlik muhitini ham taklif etmoqda.

O‘zbekiston — xavfsiz va ochiq turistik yo‘nalish | O'zbekiston Elchixonasi BAA | Embassy of Uzbekistan in UAE