Madaniyat

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi tashkil etildi

“Dunyo” AA
15-aprel, 2026
2 min
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi tashkil etildi

Xattotlik maktabi

Mazkur muhim ilmiy-ma’rifiy loyiha buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Temuriylar davri xattotlik merosi – an’analar davomiyligi” mavzusidagi seminarda e’lon qilindi.

Seminar islom san’ati, tarix va filologiya sohalaridagi yetakchi mutaxassislarni birlashtirib, xattotlik san’atining ma’naviy va madaniy ahamiyatini keng muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi.

— Xattotlik maktabini Islom sivilizatsiyasi markazida ochish tashabbusi 2025 yil 29 yanvarda muhtaram Prezidentimiz tomonidan taklif etilgan edi. Bir yil o‘tgach, ushbu tashabbus barcha xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Temuriylar tamadduniga bag‘ishlangan konferensiya doirasida loyihaga start berildi. Xattotlik maktabining tashkil etilishi mamlakatimizda madaniy merosni asrash va targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi, — dedi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan nutqida.

Qayd etilganidek, Temuriylar davrida xattotlik san’ati yuksak taraqqiyot cho‘qqisiga ko‘tarilib, madaniy yuksalish ramziga aylangan. Olimlar taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Amir Temur markazlashgan davlat barpo etgach, turli o‘lkalardan eng mohir xattotlarni poytaxtga jamlagan. Suls, nasta’liq va kufiy xat turlari o‘zining cho‘qqisiga chiqqan. “Boysunqur Qur’oni” nomi bilan mashhur bo‘lgan qo‘lyozma nusxalar bitilgan.

Xalqaro ekspertlar ushbu tashabbusni yuqori baholadi. Jumladan, IRCICA bosh direktori Mahmud Erol Qilich islom xattotligining jahon madaniyatidagi o‘rni, uning yuksak estetik va ma’naviy qiymati haqida fikr bildirdi. Turkiya Qo‘lyozma asarlar boshqarmasi raisi Jo‘shqin Yilmaz Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar haqida ma’lumot berib, ularning katta qismi Markaziy Osiyo tarixi bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. Buyuk Britaniyadagi “Al-Furqan Islamic Heritage Foundation” direktori Sali Shahsuvari esa Temuriylar davrini haqiqiy ma’rifiy va madaniy uyg‘onish davri sifatida baholadi.

Ta’kidlanishicha, Xattotlik maktabi nafaqat ta’lim muassasasi, balki ilmiy-tadqiqot va madaniy markaz sifatida faoliyat yuritadi. Uning doirasida mutaxassislar tayyorlash, qo‘lyozmalarni saqlash va restavratsiya qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi tashkil etildi | O'zbekiston Elchixonasi BAA | Embassy of Uzbekistan in UAE