O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi sifatida e’tirof etildi
Turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY tomonidan “Turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi” deb e’tirof etildi.
Bu haqda tashkilot Bosh kotibi Sulton Raev Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya doirasida ma’lum qildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qisqa muddatlarda bunyod etilgan mazkur Markaz bugungi kunda nafaqat me’moriy jihatdan noyob inshoot, balki Sharq va G‘arb sivilizatsiyalarini bog‘lovchi ramziy ko‘prik sifatida ham yuksak baholanmoqda. U o‘zining konsepsiyasi, mazmun-mohiyati va ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishi bilan islom sivilizatsiyasining bunyodkorlik va ma’rifatparvarlik salohiyatini yaqqol namoyon etmoqda.
Sulton Raev Markaz rahbariyatiga “Eng yaxshi muzey” sertifikatini tantanali ravishda topshirar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islom sivilizatsiyasi merosini chuqur o‘rganish va uni jahon miqyosida targ‘ib etishga qaratilgan siyosatini alohida e’tirof etdi:
— Hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyevning alohida e’tibori tufayli bugungi kunda Amir Temur merosi va islom madaniyati chuqur o‘rganilmoqda. Yangi ilmiy va badiiy asarlar yaratilmoqda, zamonaviy ilmiy-ma’rifiy markazlar barpo etilmoqda. Men ishonch bilan ayta olamanki, dunyoda bu kabi markazning o‘xshashi yo‘q. Bu, shubhasiz, Uchinchi Renessans g‘oyalarining yorqin ifodasidir. Ba’zan dunyoda faqat bayonotlar bilan cheklaniladi. Ammo O‘zbekiston amaliy ishlari va aniq natijalari bilan namuna ko‘rsatmoqda.
O‘z navbatida, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ham ushbu yuksak e’tirof haqida o‘z fikrlarini bayon qildi:
— Muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbuslari va mualliflik g‘oyalari asosida barpo etilgan Markazimiz bugungi kunda turkiy dunyoning eng nufuzli mega-loyihalaridan biriga aylandi. Uning qurilishida davlatimiz rahbari shaxsan ishtirok etib, barcha jarayonlarga rahbarlik qildi. Bugun har bir tashrif buyuruvchi mehmon Markazdan bir olam taassurot bilan qaytmoqda. Ma’lumki, TURKSOY — Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Turkiya kabi davlatlarni birlashtirgan nufuzli xalqaro tashkilot bo‘lib, u ko‘pincha “Turkiy dunyoning UNESCO”si sifatida e’tirof etiladi. Bugungi kunda ushbu davlatlar muzey merosi qariyb 1300 ta muzeyni o‘z ichiga oladi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa o‘zining bunyodkorlik g‘oyasi, mazmunan chuqur konsepsiyasi va innovatsion yechimlari bilan mazkur muzeylar orasida alohida o‘rin egallab, noyob madaniy-ilmiy fenomen sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shuningdek, F. Abduxoliqov Markaz faoliyatiga xalqaro miqyosdagi qiziqish ortib borayotganini alohida qayd etdi. Xususan, Vengriya hukumati Markaz tajribasini o‘rganish va shunga o‘xshash loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikka qiziqish bildirgan. Germaniyaning Bavariya hududi rahbariyati esa islomni ma’rifat orqali targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Tadbir yakunida ushbu mukofot Markazning yuqori xalqaro nufuzi, ilmiy va madaniy ahamiyati hamda turkiy dunyo miqyosidagi yuksak e’tirofining yorqin namunasi ekani alohida ta’kidlandi.