Orol bo‘yida iqlim o‘zgarishiga moslashish tadbirlari
Orolbo‘yi hududida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi global miqyosdagi eng dolzarb va murakkab muammolardan biri sifatida namoyon bo‘lib, uning salbiy ta’siri ayniqsa ekologik jihatdan zaif va antropogen bosim yuqori bo‘lgan hududlarda yanada keskinroq namoyon bo‘lmoqda. Shunday hududlardan biri — Orolbo‘yi mintaqasi bo‘lib, bu yerda iqlim o‘zgarishi oqibatlari tabiiy resurslar holati, aholi turmush darajasi va iqtisodiy faoliyatga keng qamrovli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Orol dengizining qurishi natijasida hududda mikroiqlimning keskin o‘zgarishi, havo haroratining oshishi, yog‘ingarchilik miqdorining kamayishi, shamol faolligining ortishi hamda chang-to‘zonli bo‘ronlar sonining ko‘payishi kuzatilmoqda. Bu jarayonlar yer resurslari degradatsiyasi, suv tanqisligi va bioxilma-xillikning kamayishiga olib kelmoqda. Natijada qishloq xo‘jaligi samaradorligi pasayib, ichimlik suv ta’minotiga bosim ortmoqda hamda aholi salomatligiga jiddiy xavf yuzaga kelmoqda.
Orolbo‘yi hududida iqlim o‘zgarishiga moslashish tadbirlari, eng avvalo, suv resurslarini barqaror boshqarish, gidrotexnik infratuzilmani mustahkamlash, qurigan dengiz tubida himoya o‘rmonzorlarini barpo etish, yer degradatsiyasini kamaytirish, bioxilma-xillikni saqlash hamda aholining iqlimga chidamliligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Yangi O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga moslashish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va iqlimga moslashish bo‘yicha xalqaro doirada ko‘plab tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi 75-sessiyasida «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida» maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.
Bugungi kunda Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish, yashil infratuzilmani rivojlantirish hamda aholining iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirishga qaratilgan dasturlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu Orol dengizining qurishi bilan atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy oqibatlarga qarshi kurashish, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, mintaqada yashovchi aholi bandligini ta’minlash orqali ularning turmush sharoiti yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston rahbari 2025 yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqida Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. So‘nggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekilgani, 2030 yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinishi aytib o‘tildi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi — iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha muhim institut
Orolbo‘yi hududida iqlim o‘zgarishiga moslashish chora-tadbirlarini amalga oshirishda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tizimida faoliyat yuritayotgan agentlik muhim o‘rin tutadi.
Jumladan, “Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini barpo etish (II bosqich)” loyihasi doirasida ko‘llar tizimini barqaror suv bilan ta’minlash mexanizmlari takomillashtirildi. Bu orqali suv resurslarini qayta taqsimlash, gidrologik rejimni tartibga solish hamda hududning ekologik muvozanatini mustahkamlashga erishilmoqda.
Shu bilan birga, “Muynoq” kanalining rekonstruksiya qilinishi natijasida uning suv o‘tkazish qobiliyati sezilarli darajada oshirildi. Suv taqsimoti samaradorligi yaxshilandi, ko‘llarning suv bilan ta’minlanishi barqarorlashdi va suv yo‘qotishlari sezilarli darajada qisqartirildi.
Bundan tashqari, “Ribachye” suv ombori dambasini rekonstruksiya qilish ishlari doirasida gidrotexnik inshootlar mustahkamlandi, suv chiqarish tizimlari modernizatsiya qilindi hamda eroziya xavfi sezilarli darajada kamaytirildi. Bu esa suv xavfsizligini mustahkamlash va suv resurslaridan samarali hamda oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ekologik tiklanish yo‘nalishida Axantay va Aqqum hududlarida himoya o‘rmonlari barpo etilmoqda. Qurigan dengiz tubida amalga oshirilayotgan o‘rmon-meliorativ tadbirlar shamol eroziyasi va tuz ko‘chish jarayonlarini kamaytirishga xizmat qilmoqda. Shu orqali hududda mikroiqlim barqarorlashib, landshaft degradatsiyasining oldi olinmoqda.
Ayni paytda, ekologik barqarorlikni ta’minlashda ijtimoiy yo‘nalish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan tanlovlar, ma’rifiy aksiyalar va targ‘ibot tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda.
Shuningdek, mahalliy aholi va fermer xo‘jaliklari uchun suv va yer resurslaridan barqaror foydalanishning zamonaviy modellari joriy etilmoqda. Bu jarayonda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, yer resurslarini samarali boshqarish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashgan qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Raqamli va ilmiy yondashuv — iqlimga moslashishning yangi bosqichi
Hozirgi bosqichda iqlim o‘zgarishiga moslashish jarayonlari faqat an’anaviy usullar bilan cheklanib qolmasdan, zamonaviy raqamli texnologiyalar va ilmiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirilmoqda. Xususan:
- gidrologik va meteorologik ma’lumotlarni real vaqt rejimida monitoring qilish;
- sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida hududlar holatini tahlil qilish;
- suv resurslarini rejalashtirish va optimal taqsimlash;
- raqamli platformalar orqali ma’lumotlarni yig‘ish va boshqarish.
Bu yondashuvlar iqlim o‘zgarishi ta’sirini barvaqt aniqlash, xavflarni kamaytirish va resurslardan samarali foydalanish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Orolbo‘yi hududida iqlim o‘zgarishiga moslashish tadbirlarini samarali amalga oshirishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC), Global Water Partnership (GWP) hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) bilan hamkorlikda suv xavfsizligi, ekotizim monitoringi va barqaror boshqaruv mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.
Orolbo‘yi hududida iqlim o‘zgarishiga moslashish — bu faqat ekologik muammolarni bartaraf etish emas, balki barqaror rivojlanishga erishishning asosiy shartidir.
Chunki iqlimga moslashish — bu faqat bugungi vazifa emas, balki kelajak avlodlar oldidagi strategik mas’uliyatdir.