Go‘zallik sanoati

28–30 aprel kunlari “CAEx Uzbekistan” majmuasida “Beauty Uzbekistan 2026” xalqaro go‘zallik, kosmetologiya va parfyumeriya-kosmetika sanoati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi

“Dunyo” AA
24-aprel, 2026
2 min
28–30 aprel kunlari “CAEx Uzbekistan” majmuasida “Beauty Uzbekistan 2026” xalqaro go‘zallik, kosmetologiya va parfyumeriya-kosmetika sanoati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi

Ko‘rgazmada 12 mamlakatdan 100 dan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etadi

Shu yil 28–30 aprel kunlari poytaxtimizdagi “CAEx Uzbekistan” ko‘rgazmalar majmuasida “Beauty Uzbekistan – 2026” go‘zallik, kosmetologiya va parfyumeriya-kosmetika sanoatining ixtisoslashtirilgan xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Beauty Uzbekistan – kosmetika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va distribyutorlari, estetik tibbiyot mutaxassislari, riteyl vakillari, salonlar biznesi va professional parvarish xizmatlarini birlashtirgan professional B2B formatidagi ko‘rgazmadir.

Bu yerda tashrif buyuruvchilar yetakchi brendlar, yangi mahsulotlar va texnologiyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanishish imkoniga ega bo‘ladi, biznes aloqalarini o‘rnatadi va go‘zallik sanoatidagi asosiy tendensiyalar haqida birinchi bo‘lib xabar topadi.

Joriy yilda ko‘rgazmada 12 mamlakatdan 100 dan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, BAA, Gruziya, Ispaniya, Italiya, Koreya Respublikasi, Ozarbayjon, Polsha, Qirg‘iziston, Rossiya, Xitoy, O‘zbekiston va Shvetsiya milliy pavilonlarida go‘zallik sanoatining ilg‘or yechimlari va ushbu davlatlarning eksport salohiyati namoyish etiladi.

Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rgazmaning asosiy bo‘limlari:

Beauty Uzbekistan – parfyumeriya va kosmetika sanoatining butun spektrini, jumladan dekorativ va shaxsiy parvarish kosmetikasi, parfyumeriya, shaxsiy gigiyena vositalari va hair-sanoatini taklif etadi.

Beauty Derma Central Asia – estetik tibbiyot, apparat kosmetologiyasi va anti-age parvarishga bag‘ishlangan ixtisoslashgan soha. Ekspozitsiyada klinikalar va mutaxassislar uchun inyeksiya texnikasi, lazerlar va keyingi avlod apparat texnologiyalari kabi zamonaviy yechimlar namoyish etiladi.

An’anaga ko‘ra, ko‘rgazmada ixtisoslashtirilgan seminarlar, ekspert sessiyalari va professional muhokamalarni o‘z ichiga olgan biznes dastur o‘tkaziladi.

Dasturining alohida bo‘limlari estetik tibbiyot, balneologiya va kurort sanoatidagi zamonaviy tendensiyalarga, jumladan, estetik tibbiyotga ilmiy yondashuvlarga (CYTOLIFE/“Medtendergrupp”, Rossiya), balneologik uskunalar va gidroterapiya texnologiyalari sohasidagi yechimlarga (“Fiziotexnika”, Rossiya) bag‘ishlanadi.

Parfyumeriya va kosmetika sanoati mutaxassislari hamda maishiy kimyo ishlab chiqaruvchilari uchun Shveytsariyaning “LUZI” kompaniyasining xushbo‘y hidlarga bag‘ishlangan sessiya o‘tkaziladi.

“Beauty Uzbekistan – 2026” shunchaki mahsulotlar namoyishi emas – bu biznes, tibbiyot, texnologiyalar va go‘zallik sanoatining zamonaviy tendensiyalari kesishadigan professional platformadir.

Tashkilotchilar – “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” ma’lumot berishicha, ko‘rgazmaga tashrif buyurish istagida bo‘lganlar www.beautypro.uz veb-saytida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

28–30 aprel kunlari “CAEx Uzbekistan” majmuasida “Beauty Uzbekistan 2026” xalqaro go‘zallik, kosmetologiya va parfyumeriya-kosmetika sanoati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi | O'zbekiston Elchixonasi BAA | Embassy of Uzbekistan in UAE