Iqtisodiy o‘sishdan jamiyat taraqqiyotigacha: yangi siyosiy davrda O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlari
O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlari
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yangi yil arafasida e’lon qilingan an’anaviy yillik Murojaatnomasi o‘tayotgan yil yakunlari sarhisob qilingan va mamlakatni kelgusi davrda rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari belgilab berilgan muhim dasturiy murojaat bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘tgan yil jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik va murakkab xalqaro vaziyatga qaramasdan, islohotlarni izchil davom ettirish va O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy pozitsiyasini mustahkamlash davri bo‘ldi. Shu ma’noda, kelgusi yilning O‘zbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani davlat siyosatining insonlar hayot sifati va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga yanada chuqurroq e’tibor qaratishga o‘tayotganidan dalolat beradi.
Prezidentimiz o‘z Murojaatnomasida mamlakatimiz iqtisodiyoti ishonchli o‘sishda davom etayotganini ta’kidladi. 2025 yil muhim yutuqlar bilan yakunlandi — mamlakat yalpi ichki mahsuloti birinchi marta 145 milliard dollardan oshdi, eksport 23 foizga o‘sib, 33,4 milliard dollarni tashkil etdi. Oltin-valyuta zaxiralari hajmi ilk bor 60 milliard dollardan oshdi, 43,1 milliard dollarlik investitsiyalar oqimi sanoat, energetika va infratuzilma sohalarida o‘nlab yirik loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi. Xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB” darajasida tasdiqladi, bu esa tashqi moliyalashtirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratadi.
Erishilgan makroiqtisodiy natijalar ijtimoiy sohadagi ijobiy o‘zgarishlar bilan birga kechgani alohida ta’kidlandi. Faol ish bilan ta’minlash siyosati tufayli ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi, qariyb 5 million kishi barqaror daromad manbaiga ega bo‘ldi. Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, manzilli ijtimoiy yordam tizimini rivojlantirish va asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirishga katta e’tibor qaratildi. Kambag‘allik ko‘rsatkichi yil davomida 8,9 foizdan 5,8 foizga qisqardi, qariyb 1,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi.
Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiyot barqarorligini oshirish va ijtimoiy rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan izchil islohotlar natijasi bo‘ldi. Iqtisodiy yutuqlar davlatning ijtimoiy vazifalarni hal etish va aholini qo‘llab-quvvatlashning uzoq muddatli dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Murojaatnomada O‘zbekistonning pragmatik, ochiq va uzoq muddatli milliy manfaatlarga yo‘naltirilgan tashqi siyosiy yo‘liga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimiz faol va puxta o‘ylangan tashqi siyosat mamlakatimizning barqaror taraqqiyoti, iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro nufuzini mustahkamlashning muhim omili bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
O‘tgan davrda mamlakatimiz tashqi iqtisodiy aloqalar geografiyasini sezilarli darajada kengaytirgani, ham qo‘shni davlatlar, ham dunyoning yetakchi markazlari bilan sheriklikni mustahkamlagani, mintaqaviy hamkorlik tashabbuslarini izchil ilgari surishda davom etayotgani qayd etildi. Bunday yo‘l O‘zbekistonning xalqaro jarayonlarda o‘zaro manfaatdorlik va hurmat tamoyillariga tayangan holda yanada e’tiborli va mas’uliyatli o‘rin egallashga intilayotganidan dalolat beradi.
Murojaatnomada davlat boshqaruvining shaffofligi va samaradorligini oshirishning asosiy elementlaridan biri sifatida davlat xaridlari tizimini isloh qilish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Prezident davlat xaridlari mexanizmlarini takomillashtirish biznes uchun teng sharoitlar yaratish, raqobatni rivojlantirish va byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanishga qaratilganini ta’kidladi.
Ushbu chora-tadbirlar mamlakatni Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga tayyorlashning muhim qismi sifatida qaralmoqda. Shu nuqtai nazardan, davlat xaridlari sohasidagi islohotlar nafaqat ichki, balki tashqi iqtisodiy ahamiyatga ham ega bo‘lib, milliy tartib-qoidalarni xalqaro standartlarga moslashtirishga xizmat qiladi. Bu O‘zbekistonning global savdo-iqtisodiy tizimga integratsiyalashuviga tizimli yondashuvni aks ettiradi.
Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Prezident korrupsiyaga qarshi kurashni bir martalik kampaniya emas, balki halol, ochiq va hisobdor boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan uzoq muddatli davlat siyosati sifatida baholadi.
“Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish — islohotlarimizga xiyonat. Bu illatga qarshi 2026 yilda ‘favqulodda holat’ e’lon qilamiz”, — dedi Prezident.
Ekologiya va barqaror rivojlanish masalalari ham Murojaatnomada muhim o‘rin egalladi. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “yashil” texnologiyalarni kengaytirish, ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha yirik tashabbuslar ilgari surildi. 2026 yilda Samarqandda Global ekologik jamg‘arma assambleyasini o‘tkazish rejalari e’lon qilindi.
Shunday qilib, 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishdan inson kapitali, ijtimoiy barqarorlik va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash bosqichiga o‘tayotganini yaqqol namoyon etadi. Мurojaatnoma mamlakatning uzoq muddatli, muvozanatli va ijtimoiy yo‘naltirilgan taraqqiyot modelini mustahkamlashga xizmat qiladi.