SUVNI TEJASH UMUMIY QADRIYATIMIZGA AYLANISHI ZARUR
Suv resurslaridan oqilona foydalanish
Bugun dunyoda suv resurslariga talab va ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Hozirgi sharoitda Markaziy Osiyoning umumiy suv zaxiralaridan oqilona foydalanish mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, taraqqiyotga erishishning muhim omillaridan biridir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan global ekologik tahdidlarning oldini olish, xususan, suv xavfsizligi borasida ilgari surilayotgan konstruktiv takliflar va amaliy tashabbuslar mintaqa mamlakatlari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu jarayonda qishloq xo‘jaligida mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishda zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini keng joriy qilish eng maqbul yechim sifatida qaralmoqda. Bu tizim nafaqat suv, balki mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, ishchi kuchi kabilarga sarf-xarajatlarni tejashi bilan birga hosildorlikni oshirishi nuqtai nazaridan uning jozibadorligi yuqori.
Yangi O‘zbekistonda islohotlarning ilk davridayoq suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekistonni 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasida respublikamizda sug‘orma dehqonchilik qilinadigan barcha maydonlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ham shu masalaga e’tibor qaratib, 2026 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish tadbirlariga jami 3 trln 300 mlrd so‘m yo‘naltirilishini aytib o‘tdilar (taxminan 275 mln dollar).
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimizda 2019 yildan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani, jumladan, subsidiyalar ajratilayotgani katta samara berib, klaster tashkilotlari va fermerlarni rag‘batlantirmoqda.
O‘tgan davrda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yildan yilga takomillashtirildi.
Natijada 2019–2025 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 664 ming gektarda tomchilatib, 124 ming gektarda yomg‘irlatib, 73 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi, shuningdek, 124 ming gektar maydonlar egiluvchan quvur orqali va egatga plyonka to‘shab sug‘orildi hamda 1,6 mln gektar maydonlar lazer uskunasi yordamida tekislandi.
Shu sohani ichida yurgan mutaxassis sifatida aytishim kerak, suv tejovchi texnologiyalarning tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret usulda sug‘orish usullari dehqonlarimiz o‘rtasida ommalashib bormoqda.
Joriy yilning 3 fevral kuni hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimotda qatnashdik.
Taqdimotda bu boradagi ishlar qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha ishlangan yangi takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, 2028 yilga qadar suv tejovchi texnologiyalarni 930 ming gektar yerda o‘rnatib, bunday maydonlarni 3,5 mln gektarga yoki jami sug‘oriladigan yerlarning 80 foiziga yetkazish rejalashtirilgan.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali tejalgan suv resurslari suv ta’minoti og‘ir hududda joylashgan fermerlarga kafolatli yetkazib berilishiga zamin yaratadi. Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha islohotlar izchil davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun yangi tartib va imtiyozlar joriy etilmoqda.
Jumladan, 2026–2028 yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 3,5 mln gektarga yetkazish asosiy maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilangan. Bunda 220 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 110 ming gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, 600 ming gektar maydonni lazerli tekislash ko‘zda tutilgan.
2026 yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun tijorat banklari tomonidan 2,6 trln so‘m kredit mablag‘lari ajratiladi hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 800 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari yo‘naltiriladi.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va undan foydalanish bo‘yicha Xitoyning Shinjon tajribasi asosida mutaxassis kadrlar malakasini tizimli oshirish yo‘lga qo‘yiladi.
Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibi joriy qilinadi. Unga ko‘ra:
2027 yildan boshlab har yili suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi va subsidiyalar sug‘oriladigan yer maydonlarining suv bilan ta’minlanganlik holatidan kelib chiqib belgilanadi;
suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududda joylashgan sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llagan holda hisoblanadi;
suv bilan barqaror ta’minlangan hududda joylashgan sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmaganda, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobar oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi;
2026 yil 1 apreldan boshlab suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan va Davlat budjetidan subsidiya ajratilgan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar yoki ularning asosiy qismlarini ishlatmasdan, an’anaviy usulda sug‘orish suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish deb baholanadi va foydalanilgan har ming kub metr suv uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalarni qo‘llashga asos bo‘ladi.
O‘zbekistonda sohada kadrlar salohiyatini oshirish – dolzarb masala. Davlatimiz rahbari huzurida o‘tgan taqdimotda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish yuzasidan rejalar haqida ham axborot berildi. Jumladan, “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida joriy yilda 10 mingta fermer xo‘jaliklari xodimlarining malakasi oshiriladi, 358 nafar suv xo‘jaligi xodimi malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.
Qarorda ham ta’lim va malaka oshirish inobatga olingan. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Suv xo‘jaligi vazirligi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti bilan birgalikda 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab sohadagi oliy ta’lim muassasalarini jalb qilib, ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va foydalanish bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda sohadagi mutaxassislar malakasini tizimli oshirib borish choralarini ko‘radi.
Xulosa qilib aytganda, respublikamizda mavjud suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish va bu boradagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Endi suvdan shunchaki foydalanmasligimiz lozim. Suvni tejashni umummilliy qadriyatimiz darajasiga ko‘tarish davri keldi.